OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Xbox muxlislari uzoq vaqt Sara Bond Fil Spenser o‘rniga Microsoft Gaming rahbari bo‘ladi, deb hisoblab kelishgan. So‘nggi bir yil ichida u brendning asosiy ommaviy yuziga aylangan edi.
Biroq Microsoft bosh direktori Satya Nadella va moliyaviy direktor Emi Hud boshqa fikrda bo‘lgan. The Verge nashri yozishicha, kompaniya ichida Bondning ishidan norozilar ham bor edi va uning ketishi haqidagi xabar Microsoft Gaming jamoasida hatto yengillik bilan qabul qilingan.
Manbalarga ko‘ra, Fil Spenser Microsoft Gaming rahbarligidan ketish qarorini o‘tgan yiliyoq qabul qilgan. Activision Blizzard’ni sotib olish jarayoni cho‘zilib ketgani va Xboxni multiplatform formatda qayta yo‘naltirish strategiyasi kutilgan natijani bermagani bunga sabab bo‘lgan. Keyinchalik kutilmaganda Asha Sharma Microsoft Gamingga rahbar etib tayinlandi.
Bond 2023 yil oktabrida, Activision Blizzard’ni 68,7 milliard dollarga sotib olish bitimi yopilganidan so‘ng, Xbox prezidenti bo‘lgandi. U regulyatorlar bilan muzokaralarda muhim rol o‘ynagan va “Xbox hamma joyda” strategiyasini faol ilgari surgan. Bu yondashuv konsol markazli modeldan ko‘ra bulutli servislar va mobil yo‘nalishga urg‘u berishni nazarda tutardi. Xususan, Xbox Cloud Gaming faol targ‘ib qilindi. Ammo konsol savdolari uchinchi yil ketma-ket pasaymoqda va kutilgan o‘sish kuzatilmadi.
The Verge manbalariga ko‘ra, ko‘plab xodimlar Bond bilan ishlash qiyin bo‘lganini aytgan, garchi uning hamkorlik o‘rnatish borasidagi kuchli tomonlarini tan olishsa ham.
Endilikda yangi rahbar Asha Sharma Xbox’ning “isyonkor ruhini” qaytarishni va’da qilgan. U ilgari Microsoft’ning sun’iy intellekt yo‘nalishida ishlagan va o‘yin industriyasida katta tajribaga ega emas. Shunga qaramay, uning asosiy ustunligi biznesni kengaytirish va auditoriyani oshirish qobiliyati ekani ta’kidlanmoqda.
Fil Spenser davrida Xbox o‘yinchilarga qulay tashabbuslari — kross-pley va “bir marta sotib ol — PC va konsolda o‘yna” modeli, shuningdek Xbox Game Pass orqali sanoatda sezilarli ta’sir ko‘rsatgan edi.
Sharma oldida esa murakkab vazifa turibdi: Xbox Series X va Xbox Series S savdosi raqobatchilardan ortda qolayotgan bir paytda brend imijini tiklash va Microsoftning o‘yin bozoridagi yirik investitsiyalarini oqlash.
Eng qiziqarli yangiliklar GameMakon da…
